1-yarim yillikda ko‘chmas mulk bozorida holat qanday o‘zgardi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2022 yilning 1-yarmi uchun ko‘chmas mulk bozoridagi holat tahlil qilindi. O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida savdo hajmi 6 foizga o‘sdi.

Ko‘chmas mulk bozorida talab qanday o‘zgarayotgani, O‘zbekistonda uy sotib olish uchun o‘rtacha qancha vaqt zarurligi va qaysi hududlarda ko‘proq vaqt talab etilayotgani, qaysi shaharlarda bu ko‘rsatkich nisbatan past ekanligi haqida batafsil ma’lumotni "Iqtisodiy sharh" jurnalida o‘qishingiz mumkin.

Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yilning 1-yarmida 126 ming dona ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi, bu 2021 yilning ushbu davriga (119 ming) nisbatan 6 foizga ko‘p.

1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi

Hududlar kesimida joriy yilning 6 oyi davomida eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazm (24%), Buxoro (22%), Surxondaryo (16%), Jizzax (13%), Namangan (13%), Qashqadaryo (12%) va Farg‘ona (11%) viloyatlarida kuzatildi.

Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozoridagi oldi-sotdi shartnomalar sonining nisbatan past o‘sish sur’atlari Toshkent viloyatida (-7%) qayd etildi, Sirdaryo viloyatida (-1%) faollikning birmuncha pasayishi kuzatildi.

Poytaxtda 2022 yilning 1-yarmida ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni biroz oshdi (+1%) va 37,446 tani tashkil etdi.

Ipoteka kreditlari

O‘tgan yilning mos davrida ko‘chmas mulk oldi-sotdisining 21 foizi ipoteka kreditlari orqali moliyalashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 28 foizdan oshdi. Shu bilan birga birlamchi bozorda 45 mingga yaqin yangi uy-joylar qurib topshirilgan (o‘sish 32%).

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘zgarishi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilning 1-yarmida ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 7,1%ga o‘sdi (1-chorakda 1% o‘sish, 2-chorakda 6% o‘sish).

Hududlar kesimida joriy yilning 1-yarmida uy-joy ko‘chmas mulk narxlarining eng katta o‘sish sur’atlari Toshkent (15,6%), Navoiy (15%), Surxondaryo (13,3%) va Sirdaryo (11,5%) viloyatlarida kuzatilgan, Namangan (-13,3%) va Samarqand (-1,3%) viloyatlarida uy-joy narxlari pasaygan.

2-rasm. Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘zgarishi (1 kv metr uchun AQSh dollarida)

Yil boshidan buyon Toshkent shahrida ikkilamchi bozorida uy-joy narxlari 11,3%ga oshdi (birinchi chorakda 6,5%ga; ikkinchi chorakda 4,3% ga o‘sgan). Shu bilan birga, uy-joy narxining o‘sishi barcha tumanlarda qayd etildi, eng katta o‘sish Mirzo-Ulug‘bek (18,7%), Yakkasaroy (16%) va Yashnobod (14,3%) tumanlarida kuzatildi.

Feruzbek DavletovIqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri
Nozimjon Ortiqov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri