O‘zbekiston va Yaponiya ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish borasida tajriba almashmoqda

Joriy yilning 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Yaponiyaning Xokkaydo universiteti professori Masato Xivatari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad ikki mamlakat olimlari o‘rtasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, ilmiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishdir. Professor Masato Xivatari o‘z ma’ruzasida tadqiqot faoliyatining mohiyatini qisqacha tushuntirib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Professor Masato Xivatari 2001 yildan boshlab “mahalla” institutining O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini baholash maqsadida tadqiqotlar olib bormoqda. Jumladan, u aholining moliyaviy jamg‘armalarini shakllantirishda "gap" uchrashuvlarining rolini o‘rganib, mahalla va qarindoshlik munosabatlari (peer effect)ning migratsiyaga ta’sirini baholaydi. U o‘z tadqiqotlarini Andijon viloyatidan 567 oila misolida olib bordi.

O‘z ma’ruzasida yaponiyalik olim "O‘zbekistonda an’analar va norasmiy iqtisodiyot: Andijon viloyatidagi “gap” instituti misolida” mavzusida taqdimotini taqdim etdi. Unda jamiyatni rivojlantirish, tarmoqlar tahlili, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti, o‘tish iqtisodiyoti, migratsiya masalalari bo‘yicha olib borgan tadqiqotlarining mohiyatini batafsil bayon etdi.

Taqdimot yakunida Professor Masato Xivatari Markaz xodimlarining savollariga javob berdi. Har ikki tomonni qiziqtirgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari, qo‘shma seminar va simpoziumlar tashkil etish borasida Xokkaydo universiteti va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
 Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati