Markaz tarixi

Dastlab Iqtisodiy tadqiqotlar markazi 1999-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy tadqiqotlar markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoyishi asosida tashkil etilgan. Markaz BMTTD, Jahon banki va Germaniya texnik hamkorlik jamiyati (GTZ) tashabbusi bilan BMTTDning makroiqtisodiy tahlil va kadrlar tayyorlash bo‘yicha loyihasi negizida tashkil etilgan. BMTTDdan tashqari, Markaz Jahon banki, OTB, USAID, JICA, DFID, Evroosiyo jamg‘armasi kabi xalqaro texnik yordam tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarda faol ishtirok etgan.

Transformatsiyagacha bo‘lgan tarix

1999-yilda Markaz oldiga qo‘yilgan dastlabki vazifalar doirasi juda keng edi – O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar jarayonini o‘rganish, iqtisodiyotni yanada liberallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, zamonaviy makroiqtisodiy tahlil va prognozlash usullarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish. Markaz tomonidan ishlab chiqilgan ko‘plab ishlanmalar mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari va meyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga hissa qo‘shgan.

Markaz oldiga qo‘yilgan muhim vazifalardan biri – malakali iqtisodchilarni tayyorlash bo‘lib, bu BMTTD loyihasining maqsadi ham edi. O‘tgan yillar mobaynida Markazda va uning jurnalida ko‘plab yosh iqtisodchilar va iqtisodiy mavzularda yozuvchi jurnalistlar faoliyat yuritgan, ko‘plab milliy ekspertlar Markaz tadqiqotlarida ishtirok etgan. Ushbu missiya bajarilgach, BMTTD loyihasi 2016-yilda yakunlangan.

Markaz tomonidan axborot-tahliliy sharhlar va hisobotlar, xorijiy matbuotdagi iqtisodiy nashrlar dayjestlari, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi va inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi yillik hisobotlar, “O‘zbekiston almanaxi” statistik to‘plami, “O‘zbekiston iqtisodiyoti” axborot-tahliliy byulleteni nashr etilgan. 2015-yildan boshlab har oyda “Biznes faolligi indeksi”, joriy yil iyun oyidan esa – “Hududlar biznes faolligi indeksi” elon qilinmoqda. Biroq Markazning asosiy nashri bu – “Iqtisodiy sharh” jurnali bo‘lib, u 1999-yildan boshlab BMTTD loyihasi doirasida nashr etila boshlangan va 20 yil davomida O‘zbekistonning etakchi tahliliy nashri bo‘lib kelmoqda.

Markaz xalqaro miqyosda ham etirof etilgan. 2007-yildan buyon AQShdagi Pensilvaniya universiteti tomonidan har yili elon qilinadigan eng nufuzli reyting – “Global Go To Think Tank Index Report”ga kiritilgan. Markaz 2012-yilda Osiyodagi eng yaxshi 20 tahliliy markaz qatoriga kiritildi va o‘shandan buyon o‘z pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda. Markaz 2016-yil natijalariga ko‘ra Markaziy Osiyo mintaqasi tahliliy markazlari reytingida 13-o‘rinni, 2017-yilda – 12-o‘rinni, 2018-yilda esa “Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi” nominatsiyasida 11-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, 2018-yilda Markaz Shanxay hamkorlik tashkiloti iqtisodiy tahliliy markazlari konsortsiumi tasischilari tarkibiga kiritildi.

Transformatsiya

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi tashkil etilganiga yigirma yildan ortiq vaqt o‘tdi. Markaz yaratilgan paytda rejalashtirilgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni kechayotgan, bozor sharoitida iqtisodiyotni boshqarish bo‘yicha davlat institutlari endigina shakllanayotgan edi. Oradan yillar o‘tib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y berdi. Iqtisodiy boshqaruv sohasida katta kadrlar salohiyati shakllantirildi. Xususiy sektor iqtisodiyotda muhim o‘rin egallamoqda.

2017-yildan boshlab O‘zbekistonda yangi islohotlar davri boshlandi. U davlat hayoti va faoliyatining barcha jabhalarida chuqur va keng qamrovli o‘zgarishlar bilan tavsiflanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017–2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi.

Iqtisodiy sohada raqobatbardoshlikni oshirish, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va raqamlashtirish bo‘yicha yangi vazifalar qo‘yildi. Ijtimoiy sohada O‘zbekiston o‘rta daromadli mamlakatlar guruhiga o‘tmoqda. Yani iqtisodiy vazifalar va ijtimoiy yo‘nalishlar doirasi ancha kengaydi. Ularni chuqur tahliliy jihatdan ishlab chiqish uchun Markaz faoliyatini kengaytirish va resurs salohiyatini kuchaytirish zarur bo‘ldi.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarning sifati, amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi, tadqiqotlarni islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirish va ular asosida ijtimoiy-iqtisodiy siyosat choralarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi rolini oshirish maqsadida 2019-yil 3-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4471-sonli “Iqtisodiy tadqiqotlar sifatini va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (lex.uz) qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq Iqtisodiy tadqiqotlar markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga aylantirildi.

Yangi yo‘nalishlar

Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sezilarli darajada kengaytirilishidan tashqari, unga qator sohalarda muvofiqlashtiruvchi vazifalar ham yuklatilgan.

Markazga davlat idoralari va tashkilotlari, tahliliy va ilmiy markazlar, mahalliy ijro hokimiyati organlari, tadbirkorlik subektlari, fuqarolik jamiyati vakillari, ekspertlar jamoasi va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida samarali sohalaro va idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida markaz negizida “OPEN SPACE” tamoyiliga asoslangan ochiq innovatsion platforma tashkil etish topshirilgan. Bu platforma doirasida maxsus internet-portal ochilib, davlat organlari bilan jamoatchilik va ilmiy doiralar o‘rtasida o‘zaro muloqot, ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish, davlat va jamiyat o‘rtasida “feedback” mexanizmlarini joriy etish hamda iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni muhokama qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Olib borilayotgan iqtisodiy siyosatda eng dolzarb muammolarni aniqlash, ularga resurslarni safarbar qilish va ularga etiborni jamlash muhim ahamiyatga ega. Ushbu jarayonni tashkil etish uchun Prezident Administratsiyasi huzurida Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori tashkil etilishi va Markaz tuzilmasida ushbu akseleratorning ishchi organi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu tuzilmaning asosiy maqsadi – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi dolzarb muammolarni tezkor va samarali hal qilish uchun davlat organlari va tashkilotlarining resurslarini safarbar qilishdir.

Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat Akseleratori tajribasi asosida 2019-yil 3–8-noyabr kunlari Markaz delegatsiyasi BAAga tashrif buyurdi. Markaz xodimlari “Government Accelerators Training Workshop” treningida ishtirok etdi.

Akselerator faoliyati doirasida har chorakda sohalaro va idoralararo echimni talab qiladigan muammolar ro‘yxati tuziladi. Bu ro‘yxat ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishini monitoring qilish, Markaz tadqiqotlari, vazirlik va idoralarning takliflari, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar asosida shakllantiriladi. Prezident Administratsiyasining bo‘limlari bilan kelishilgan holda mazkur muammolar ommaviy axborot vositalarida va Markaz rasmiy veb-saytida elon qilinadi.

Bundan tashqari, Markazga 2019–2021-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida tuzilmaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni taminlash bo‘yicha Iqtisodiy kengash huzuridagi Xalqaro ekspertlar guruhi faoliyatini tashkil etish vazifasi ham yuklatilgan.

Markazning ommaviy axborot vositalaridagi faoliyati alohida etiborga loyiq. Bu faoliyat orqali olib borilgan tadqiqotlar natijalari keng auditoriyaga etkaziladi va dolzarb masalalar OAVda ochiq muhokama qilinadi. Markaz o‘zining asosiy nashri – “Iqtisodiy sharh” jurnalini har oyda nashr etishda davom etmoqda. Unda iqtisodiy va ijtimoiy soha mutaxassislarining maqolalari chop etiladi. O‘tgan yili jurnal 20 yilligini nishonladi. Elektron versiyasi – REVIEW.UZ sayti o‘z tahliliy nashrlari doirasini kengaytirdi. Markaz xodimlarining ilmiy maqolalari va sharhlari mamlakatimiz va xorijiy OAVda muntazam elon qilinmoqda. Markaz rahbariyati va xodimlari matbuot klubi ko‘rsatuvlarida, bosma va elektron OAVda tahliliy baholar bilan ishtirok etmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining hududiy filiallari

O‘zbekistonning etakchi “miya markazlari”dan biri hisoblangan Markaz tarixi davomida yana bir muhim voqea – Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida hududiy filiallarning ochilishi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-avgustdagi PQ-5223-sonli “Iqtisodiy tadqiqotlar sifatini va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi rolini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga (lex.uz) muvofiq Markaz zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Ushbu qaror mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini taminlash, ilmiy asoslangan innovatsion yondashuvlar asosida 2022–2026-yillar uchun hududlar, tarmoqlar va sohalar bo‘yicha rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish maqsadida qabul qilingan.

Qo‘shimcha vazifalar doirasida joylardagi davlat boshqaruvi organlarini ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar bilan muntazam taminlash belgilangan.

Markaz tadqiqotlari mavjud resurs bazasini o‘rganish asosida iqtisodiyot tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har chorakda aholi o‘rtasida tuman kesimida so‘rovlar o‘tkaziladi.

Markaz O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayonlarining milliy iqtisodiyotga tasirini o‘rganishni davom ettiradi va tegishli davlat organlariga ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar taqdim etadi.

Markaz sanoat klasterlarini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani chuqur tahlil qilish asosida vakolatli idoralarga ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Yangi sifat bosqichi

Bugungi kunda Markaz faoliyati mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, 2020-yilda Markaz Markaziy Osiyo va Kavkazdagi eng yaxshi 10 ta “miya markazlari” qatoriga kiritildi va 2016-yildagi 13-o‘rindan uch pog‘ona yuqoriladi.

Yakunda takidlash joizki, bugungi dunyo raqamli davrga kirib bormoqda. Bu esa texnologik va iqtisodiy jihatdan tayyor bo‘lmagan davlatlar uchun jiddiy chaqiriqdir. Global iqtisodiy raqobat keskinlashmoqda. Bunday sharoitda mamlakatlarning iqtisodiy raqobatbardoshligi muvaffaqiyatli rivojlanishning muhim omiliga aylanmoqda. Bu esa faqat resurslarga emas, balki iqtisodiy siyosatga, strategiyaga – mavjud ustunliklarni kuchaytirishga, mehnat unumdorligini oshirishga va iqtisodiyotni yuqori texnologiyali darajalarga olib chiqishga bog‘liqdir. Bu esa xalqaro mehnat taqsimotida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini beradi.

Aynan shunday siyosatni ishlab chiqish, islohotlarni chuqurlashtirish va global o‘zgaruvchan dunyo iqtisodiy muammolariga qarshi tura olish nuqtai nazaridan hozirgi iqtisodiy qarorlarni chuqur tahlil qilish – bu iqtisodiy tahlilchilar, tahliliy markazlar, xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi oldida turgan katta masuliyat va chaqiriqdir.